Шўрчи тумани ҳокимлиги расмий сайти

Sho‘rchi tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Shaymardon Zokirovning tadbirkorlarga murojaati va 2022-yilning birinchi yarim yillik hisoboti

 

Sho‘rchi tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Shaymardon Zokirovning tadbirkorlarga murojaati va 2022-yilning birinchi yarim yillik hisoboti

        Yurtimizda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi soliq sohasini rivojlantirish borasida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soliq siyosatini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish, soliq yukini izchil kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq hisobotlarini tubdan qisqartirish yuzasidan amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar ishbilarmonlar safini yanada kengaytirish va investitsion jozibadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
          Davlat soliq xizmati organlarida ish faoliyatining “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilishi tadbirkorlar bilan bevosita hamkorlikni kuchaytirib, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida to‘g‘rilash imkonini bermoqda. Amaliyotga tatbiq etilayotgan avtomatlashtirilgan axborot tizimlari inson omilini kamaytirib, soliq munosabatlarini yengillashtirishga, soliq qonunchiligidagi yangilik va o‘zgarishlar esa tadbirkorlarga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratib, xufyona iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qilmoqda.
      Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida avtomatlashtirilgan “Avtokameral” dasturi orqali tumanimizdagi 132 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarning soliq hisobotlaridagi xato va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan xabarnomalar yuborildi. 117 nafar tadbirkorlik subyektlari tomonidan xato va kamchiliklar o‘z vaqtida to‘g‘rilanishi natijasida hisoblanishi lozim bo‘lgan 762 million so‘m mablag‘ soliq to‘lovchilarning ixtiyorida qoldi.
       Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28-iyun kunidagi «Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni tadbirkorlar uchun navbatdagi imkoniyatlarni taqdim etdi. Farmon bilan 2022-yil 1-iyuldan foydalanilmayotgan ko‘chmas mulk obyektlariga ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash bekor qilinib, qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligi soddalashtirilmoqda. 
       Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, o‘tgan vaqt mobaynida tumanimizda foydalanilmayotgan 134 ta ko‘chmas mulk obyektlariga ta’sirchan soliq mexanizmi qo‘llanilishi natijasida 1 milliard 193 million so‘m miqdorida soliq hisoblangan. Ta’sirchan soliq mexanizmining bekor qilinishi esa millionlab mablag‘lar tadbirkorlar ixtiyorida qolishini ta’minlaydi.
      “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot va tushuntirish ishlari natijasida 2022-yilning birinchi yarim yilligida 621 ta korxonada norasmiy ishlayotgan 1241 nafar fuqarolarning faoliyati legallashtirildi. 
         Shuningdek joriy yilning yanvar-iyun oylarida 2546 nafar vohadoshlarimiz o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi. Faoliyatini to‘xtatgan 388 nafar tadbirkorlar esa o‘z faoliyatini qayta tikladi. 
         2022-yilning birinchi yarim yilligida tumanimizdagi 118 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan 462 mln so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi.
        Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ayrim tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida o‘rnatilishi natijasida tumanimizdagi 76 ta korxonalarning ixtiyorida jami 70 million 200 ming so‘m mablag‘ qoladigan bo‘ldi.
      Tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilayotgan bu kabi soliq imtiyozlari va yengilliklari xususiy sektorni rivojlantirish va shu asnoda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Фойдали ҳаволалар